Muzeyning ish kunlari: 8:00 - 17:00 | Seshanba-Yakshanba

+998 73 244-39-46

Madaniyat vazirligi Shahrisabz davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori ishlamagan xodimlar nomiga ish haqi yozgani haqidagi xabarni rad etdi

Shahrisabz davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori N.X. o‘z rafiqasi va ishlamagan to‘rt nafar xodim nomiga ish haqi yozib, 62,9 million so‘mni o‘zlashtirgani haqida avvalroq xabar berilgandi. Madaniyat vazirligi mazkur xabarga munosabat bildirdi va uni rad etdi.

29

iyul

Madaniyat vazirligi Shahrisabz davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori ishlamagan xodimlar nomiga ish haqi yozgani haqidagi xabarni rad etdi

iyl 29 2020

Shahrisabz davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori N.X. o‘z rafiqasi va ishlamagan to‘rt nafar xodim nomiga ish haqi yozib, 62,9 million so‘mni o‘zlashtirgani haqida avvalroq xabar berilgandi. Madaniyat vazirligi mazkur xabarga munosabat bildirdi va uni rad etdi.

Vazirlik tomonidan ma’lum qilinishicha, muzey nazoratchisi Odil Taniqulov Shahrisabz prokuraturasiga ariza bilan murojaat etgan. Mazkur ariza asosida tekshiruv o‘tkazilgan.

Ta’kidlanishicha, filologiya fanlari nomzodi, professor Poyan Ravshanov bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga ko‘ra, u muzeyga ilmiy xodim shtatiga yarim stavkaga ishga olingan. Professorning ish yo‘riqnomasi va mehnat shartnomasida unga ilmiy ish qilish, ilmiy maqolalar va kitob yozish yuklatilgan. U masofadan Qarshi shahridagi kutubxonalar, arxiv va o‘zining shaxsiy kutubxonalaridan foydalanib, muzey direktori, tarix fanlari nomzodi Nabi Xushvaqov bilan ilmiy hamkorlikda 261 betdan iborat “Qashqadaryo tarixiga sayohat” mavzusida ilmiy ommabop kitob chiqarib, vazifasini bajargan.

“Odatda ilmiy xodimlarning bir yillik ish rejasida 25 betlik ilmiy maqola nazarda tutilgan bo‘lsa, u bir yarim yilda vazifasini to‘rt barobar ziyod bajargan hisoblanadi. Ammo moliya bo‘limi mutaxassisi bu ishlarni farqiga bormay, “ishga kelmagan, oylik maosh olgan”, deb akt dalolatnoma yozgan. Vaholanki, u zaruriy vaqtlarda kelgan, ilmiy konferensiyalarda raislik qilgan va oylik maoshini plastik karta orqali olgan. Uning plastik kartasi o‘z qo‘lida. Bu yerda davlat mablag‘ini o‘zlashtirish holati yo‘q”, — deyiladi vazirlik munosabatida.

Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori Bahodir Mamadiyev ham yarim stavkada muzeyda ishlagan va u vazirlik va viloyat hokimligi tomonidan berilgan topshiriqlarga asosan yangi tashkil etilayotgan muzeylar, ekspozitsiyalar va madaniy meros obyektlarini ta’mirlash va konservatsiya qilish bo‘yicha ilmiy konsepsiyalar hammuallifi hisoblanadi. “U Yakkabog‘ tumanidagi Xo‘jailg‘or muzey majmuasi ilmiy konsepsiyasi, Mudofaa tarixi muzeyi konsepsiyasi, Qamashi tumanidagi Langar ota majmuasidagi tarixiy masjidni ta’mirlash ilmiy konsepsiyasi, Kesh tarixi va madaniyati ilmiy konsepsiyasini yaratishda faol ishtirok etgan. Bundan tashqari, muzeylarning sayohatchilar uchun shanba va yakshanba kunlarida ishlashi va ish rejimini soat 22:00 gacha cho‘zish bo‘yicha topshiriqlarini bajarishda faol ishtirok etgan. Uning ilmiy hisobotlari muzey arxivida saqlanmoqda. Oylik maoshini o‘zi olgan va foydalangan”, — deya ta’kidlanadi vazirlik xabarida.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, yana bir xodim — Behruz Bobojonov Qarshi davlat universitetining bakalavriatini 2018-yilda tugatgach, muzeyga ilmiy xodim lavozimiga ishga olingan. U 2019-yilning dekabr oyida shu universitetning magistraturasiga o‘qishga kirgan. U Qarshi davlat universitetida dushanba va seshanba kunlari o‘qishda bo‘lgan, Shahrisabzdan qatnab o‘qigan va ilmiy tadqiqot ishlari muzey fondidagi materiallarga asoslangan. “Bundan tashqari, shu 2 yilda 3 ta ilmiy maqolasini nashr etgan. Magistrlik dissertatsiyasi muzey fondi materiallariga asoslangan. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining nizomida mutaxasisligi va ixtisosligi bo‘yicha talabalar uchun ishga kirishga ruxsat berilgan va stavkalari cheklanmagan. Ya’ni qonun uning bir stavka ishlashiga monelik qilmaydi”, — deyiladi vazirlik tomonidan.

Vazirlikning ta’kidlashicha, direktorning turmush o‘rtog‘i Dilbar Vahobova muzeyda 20 yildan buyon turli lavozimlarda ishlab kelmoqda. U Buxoro davlat universitetidagi muzeyshunoslarning malakasini oshirish kursini tugatgach, metodist lavozimiga o‘tkazilgan. Qayd etilishicha, Dilbar Vahobova o‘z tushuntirish xatida gohida boshi og‘rib, kadrlar bo‘limidan ruxsat olib ketganini yozgan, biroq bu “umuman ishga kelmay oylik olgan”, deb talqin etilgan. Hamkasblarining Dilbar Vahobova o‘z vaqtida ishga kelishi va ketishini tasdiqlab yozgan tushuntirish xatlari inobatga olinmagan.

“Arizachi Odil Taniqulov 20-iyun kuni Shahrisabz shahar prokuroriga ‘qizishib, noto‘g‘ri ma’lumotlar yozganini, hozirgi kunlarda Nabi Xushvaqov bilan yarashganini va arizasini oqibatsiz qoldirishlarini so‘rab’ yozgan arizasi inobatga olinmagan”, — deyiladi vazirlik izohida.

Vazirlikning bildirishicha, tergovga qadar tekshiruv Bosh prokuraturaning Shahrisabz shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilganligi munosabati bilan bir yoqlama tarzda olib borilgani uchun muzey rahbariyati va aloqador xodimlar akt-dalolatnomalarini tasdiqlamagan.

Shuningdek, vazirlik mazkur holat bo‘yicha OAVda berilgan xabarlar noto‘g‘ri ma’lumot ekanligini bildirgan.