Muzeyning ish kunlari: 8:00 - 17:00 | Seshanba-Yakshanba

+998 73 244-39-46

Vodiyning eng keksa muzeyi

Maʼlumki, mamlakatimizda muzeychilik tarixi bir-bir yarim asrga borib taqaladi. Shu vaqtda O‘zbekistonning yirik shaharlari – Samarqand (1874 y) va Toshkent (1876 y) shaharlari qatorida Farg‘onada ham birinchi­lar­dan bo‘lib muzey tashkil qilingan

22

iyun

Vodiyning eng keksa muzeyi

iyn 22 2020

Maʼlumki, mamlakatimizda muzeychilik tarixi bir-bir yarim asrga borib taqaladi. Shu vaqtda O‘zbekistonning yirik shaharlari – Samarqand (1874 y) va Toshkent (1876 y) shaharlari qatorida Farg‘onada ham birinchi­lar­dan bo‘lib muzey tashkil qilingan. Mazkur muzeyga 1894 yilda asos solingan bo‘lib, u vaqtlarda shahar Yangi Marg‘ilon deb atalardi. Muzeyni tashkil etilishi­ga esa, doktor A. Smirnovning shaxsiy kolleksiyasi va shu yili o‘tkazilgan Qishloq xo‘jalik ko‘rgazmasi uchun yig‘ilgan ashyolar turtki bo‘ldi. O‘lkaga endigina kirib kelgan rus maʼmurlari uchun mahalliy aholining turmush tarzi, urf-odati va boshqa etnografik buyumlari qiziqarli ko‘ringan. Natijada bir necha tashab­buskorlarning iltimosiga ko‘ra 1895 yil 2-noyabrda Farg‘ona viloyat harbiy gu­ber­natori­ning muzeyni tashkillash to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilindi. Mu­zey uchun gubernator uyining orqa hovlisidagi to‘rtta xona ajratilib berilgan.

Muzeyning birinchi binosi

 1897 yilda muzey nizomi tasdiqlanib, 1899 yil 26-may kuni muzey “Farg‘ona ommabop muzeyi” nomi bilan tantanali ravishda ochildi. Bu vaqtga kelib muzeyda 2223 dona buyum va kitoblar yig‘ilgandi. Muzey odatda dam olish va bayram kunlari ochiq bo‘lardi. Zotan, muzey “ommabop” deb atalsada, u asosan yangi marg‘ilonlik ziyoliylar yoki viloyatga kelgan nufuzli mehmonlar uchun maxsus ochilar edi xolos.

   Eʼtiborlisi shundaki, muzey shaxsiy hayriyalar evaziga tutib turilgan. Muzey qoshida maxsus klub tuzilgan edi va ushbu klub aʼzolari turli kasb egalari (vrach, o‘qituvchi, injener, harbiy zobit, botanik tad­qi­qotchi, agronom va boshq.) bo‘lishiga qaramay, doimiy ravishda muzey zahiraxonalariga ashyolar top­shi­rib turi­shardi. Klub aʼzolari orasida ayniqsa viloyat o‘rmon xo‘­ja­ligi mudiri, biolog G. Ottendorf katta jonbozlik ko‘r­satib, viloyatning turli chekkalaridan yig‘ilgan noyob ashyo­larni muzeyga topshirardi. U muzeyda o‘tkaziladigan tad­bir­larning tashkilotchisi ham edi .

Shunday klub aʼzolaridan yana biri mashhur rus tadqi­qot­chisi A. Fedchenko va uning rafiqasi O. Fedchenkolar edi. Ularning muzeyga topshirgan gerbariylari va noyob hashoratlar kolleksiyasi xali-hamon muzeyning noyob ashyo­lari qatorida saqlanmoqda.

1920 yilda Farg‘onadagi siyosiy tuzumning o‘zgarishi natijasida, muzey­ning maqsad va vazifasi ham o‘zgardi. Muzey esa kolleksiyasidan kelib chiqqan holda uning faoliyati ikkiga ajratildi. Shu yili viloyatda “Om­mabop kutub­xona” va “Farg‘ona shahar ilmiy muzeyi” yan­gi­dan o‘z faoliyatini boshladi.

Agar kutubxona o‘z joyida qolgan bo‘lsa, muzey  hozirgi Turon ko‘chasidagi binolardan biriga ko‘chirib kelindi va u 1984 yilga qadar muzey mazkur binoda faoliyat  ko‘r­sat­di.

1922-1927 yillarda muzey ekspozitsiyasida qishloq xo‘jalik, hunarmandchi­lik, numizmatika, tabiat, tarix va etnografiya bo‘limlari mavjud edi. 1928 yilda yangi arxeologiya bo‘limi ochildi. Ushbu bo‘limning ochilishiga sovet davlatining markaziy shaharlaridan kelgan tadqiqotchilarning ekspeditsiyalari to‘plamlari sababchi bo‘ldi. B. Latinin boshchiligidagi ilk arxeologik ekspeditsiya Farg‘ona muzeyida baza qurib, tadqiqotlarni olib borgan edi. Natijada muzeyning arxeologik ashyolari keskin ortib bordi. Ushbu ekpeditsiya tarkibida A. Bern­shtam, V. Ranov, B. Jukov kabi kelgusidagi yetuk arxeologlar ham qatnashgan edi.

1938 yildan muzey “Viloyat o‘lkashunoslik muzeyi” sifatida faoliyat olib bora boshladi. Bu vaqtga kelib muzeyda kirish, tabiat, tarix va sotsialistik qurilish ekspozitsiyasi mavjud edi. Eksponatlarning soni esa 15 mingdan oshdi. Katta Farg‘ona kanali qurilishi vaqtida ham Farg‘ona muzeyi ilmiy baza sifa­tida muhim rol o‘ynadi. Kanal trassassini tadqiq qilish jarayonida arxeologlar B. Jukov va Yahyo G‘ulomovlar boshchiligidagi ekspeditsiya Farg‘ona muzeyi kol­leksiyalarini boyitishda katta xissa qo‘shishgan. 

Yoki Quva shahristonida olib borilgan tadqiqotlar markazida ham Farg‘ona muzeyi hodimlari turardi. V. Bulatova tomonidan aniqlangan olmashumul Quva Budda ibodatxonasi tad­qiqot­lari jara­yonida muzey xodimlari faol qatnashib, islomdan oldingi ijti­moiy hayotni tassavvur etishda katta xizmat qilishgan.