Muzeyning ish kunlari: 8:00 - 17:00 | Seshanba-Yakshanba

+998 73 244-39-46

Bobur qadami yetgan manzil

Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) o‘zbek mumtoz adabiyotining zabardast vakili, shoh, shoir, bastakor, geograf, tarixchi va mohir jangchi. U o‘zbek adabiyotida va tarixida muhim iz qoldirgan shaxs hisoblanib, u yozib qoldirgan “Boburnoma” asari o‘zining tarixiyligi va ilmiyligi bilan shox asar hisoblanadi.

14

fevral

Bobur qadami yetgan manzil

fev 14 2023

                                                                      Bobur qadami yetgan manzil

  Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) o‘zbek mumtoz adabiyotining zabardast vakili, shoh, shoir, bastakor, geograf, tarixchi va mohir jangchi. U o‘zbek adabiyotida va tarixida muhim iz qoldirgan shaxs hisoblanib, u yozib qoldirgan “Boburnoma” asari o‘zining tarixiyligi va ilmiyligi bilan shox asar hisoblanadi. Ushbu asar o‘zida bayon qilingan voqealar jarayoniga ko‘ra 3 qismga: Bobburining Movarounnahr (1494-1504), Afg‘oniston (1504-1524), Hindiston (1524-1530) dagi hukmdorlik davriga bo‘linadi. Ayniqsa, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Kobul, Hirot kabi yirik shahar, viloyatlarning jug‘rofiy-ma’muriy tuzilishi, madaniy hayoti, tumanlari, aholisi, qishloq xo‘jaligi, daryo, suv havzalari, hayvonot dunyosi haqida mufassal ma’lumotlar beriladi.

  Hususan, Farg‘ona vodiysining janubida joylashgan So‘x tumanining ichkarisida, baland Hisor tog‘lari yonbag‘ridagi Xushyor qishlog‘i xaqida qiziqarli ma’lumot keltirilgan. Qishloq nomi tog‘ nomiga monand Hisor bo‘lganu, keyinchalik o‘zgarib ketgan. Qishloq uncha katta emas, ammo ancha qadimiy, ko‘p voqealarning guvohi. Chunonchi, u mashhur shoh va shoir Mirzo Boburga bir muddat oshyon bo‘lgan. Bu haqida “Boburnoma” da shunday deyiladi: “Muhammad Shayboniyxon Toshkand va Shohruhiyani olg‘on mahalda, So‘x va Hushyor ko‘hpoyalariga kelib, bir yilga yovuq tanqisliq bila o‘tkarib, Qobul azimati qildim.

  Shayboniyxon tomonidan Toshkent va Shohruhiya ham egallanganidan so‘ng noiloj Bobur Mirzo Farg‘ona vodiysiga chekinadi. Afsuski, u bir paytlar podsho bo‘lgan Andijonu Farg‘ona ham unga dushman bo‘lgan hukmdorlar qo‘lida edi, shu boisdan, u o‘z joni va oilasini saqlash maqsadida bunday uzoq va xilvat maskanga chekinishga majbur bo‘lgan edi. So‘xva Hushyor aholisi unga yovlik qilmagan, aksincha, qo‘lidan kelgancha yordamini ayamagan. Shunday bo‘lsa ham, bu yerda hukmdorning oilasi, yonidagi navkarlari biroz qiyinchilik bilan kun ko‘rishga majbur bo‘lishgan. Buni Bobur Mirzo yuqorida qayd etib o‘tayapti. Bobur bu yerda juda iztirobli damlarni boshdan kechirgan. Ustma-ust mag‘lubiyatlar natijasida toju taxtning qo‘ldan ketishi, o‘z joni va yaqinlari boshida turgan xavfu xatarlar, kelgusi hayotning qanday kechishi borasidagi mushkul o‘y-muammolar... Balki shoirning mashhur:

Charxning men ko‘rmagan javru jafosi qoldimu,

Xasta ko‘nglum chekmagan dardu balosi qoldimu?

Meni xor ettiyu qildi muddaiyga parvarish,

Dahri dunparvarni o‘zga muddaosi qoldimu? 

degan alamli misralari shu yerda bitilgandir. Boshqa yerdan ko‘mak olishning iloji bo‘lmagach, o‘z toju taxtini qayta qo‘lga kiritishdan umidini uzgan Boburshoh qo‘shni Afg‘oniston tomonlarga borib o‘z baxtini sinab ko‘rishga ahd qilgan va keyin tog‘lar oshib o‘sha tomonga yo‘l olgan. Aytishlaricha, shohning bir qizi shamollab xastalanib qolganligi, uni sovuqda tog‘lar orqali olib ketishning iloji bo‘lmagani boisidan shu yerda-Hushyorda qoldirib ketishga majbur bo‘lishgan. Hushyorliklar o‘sha shoh qiziga mehribonlik ko‘rsatishib, uni davolaganlar va oyoqqa turg‘azib, bir yildan keyin Kobulga, otasi xuzuriga olib borib topshirishgan. Shu sababli Boburshoh bilan hushyorliklar o‘rtasida uzoq vaqtgacha yaxshi munosabatlar davom etgan. Yana “Boburnoma” ga murojaat etamiz:

“Beviloyat va bevatan yurgan yerlarimiz va So‘x va Hushyordin kelganlarga chakmanlar va qumosh xil’atlar va oltundin va kumushdin in’omlar bo‘ldi”. 

   Bu so‘zlar Boburshohning Hindistonni egallagandan so‘ng uyushtirilgan tantanali bazm-to‘yi haqidagi qismida bitilgan. Ya’ni Bobur Mirzo o‘ziga yaxshilik qilib, og‘ir kunlarda ko‘mak qo‘lini cho‘zgan ushbu qishloq ahliga o‘z minnatdorchiligini bildirishni unutmagan. Jumladan, quyidagi misralarni ham shu voqealar ta’sirida yozgan bo‘lsa ajab emas:

Bori elg‘a yaxshiliq qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q,

Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘.

  Hushyorning teparog‘ida bir maydoncha bor, bu yerni Boburshoh maydoni deyishadi. Demak, shoh va shoir shu atrofdagi xonadanlardan birida istiqomat qilgan.

O‘. Ahmedova